Bosh sahifa > Chingiz Aytmatov biografiyasi

Chingiz Aytmatov biografiyasi

Qirg‘iz yozuvchisi, davlat, jamoat arbobi, diplomat. Qirg‘iziston xalq yozuvchisi (1968). Qirg‘iziston Fanlar Akademiyasi akademigi (1974). Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan (1953). 1956-58 yillari Moskvadagi yozuvchilar uyushmasi Oliy adabiyot kursi tinglovchisi. Asarlarini qirg‘iz va rus tilida yozgan. Ilk hikoyalari 1950 yillarda bosilgan. «Baydamtol sohillarida» (1955), «Yuzma-yuz» (1957) asarlari o‘tkir syujet, kuchli ichki ruhiy ziddiyatlarga boy. «Jamila» (1958), «Sarvqomat dilbarim» (1961), «Bo‘tako‘z», «Birinchi muallim» (1962), «Momo yer», «Somon yo‘li» (1963), «Alvido, ey Gulsari» (1966) kabi qissalarida muhabbat mavzui katta ehtiros bilan tarannum etilgan. Aytmatovning «Tog‘ va cho‘l qissalari» turkumiga kirgan asarlari yuksak baholandi. Aytmatovning «Oqkema» (1970) qissasida insoniy go‘zallik, ezgulik va hayot ziddiyatlari, ekologiya muammolari teran tadqiq etiladi. «Oq kema» kinofilmi ham asar kabi shuhrat qozondi. «Dengiz yoqalab chopayotgan olapar» (1977) qissasida muhim ma’naviy masalalar, sho‘ro davridagi hayotning mash’um manzaralari o‘z ifodasini topgan. «Asrga tatigulik kun» (1980), «Qiyomat» (1986), «Kassandra tamg‘asi» (1990) romanlarida zamonamizning umuminsoniy tomonlari, ona Sayyoramizning taqdiri, kuchli falsafiy, axloqiy va ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan. O‘tmishini unutgan, hissiz, hamma narsaga loqayd, itoat-u, buyruqni bajarishdan boshqa narsani bilmaydigan, tuyg‘u, noziq hissiyotlari so‘ngan manqurt obrazi tasviri Aytmatov ijodining muhim qirralaridan biri bo‘ldi.

Aytmatovning «Cho‘qqida qolgan ovchining ohi zori» (M. Shoxonov bilan hamkorlikda) asari ma’naviyatga bag‘ishlangan. Aytmatov prozasida ruhiyat tahlili an’anaviy folklor, mifologiya, obrazlilik bilan uyg‘unlashib ketadi. Unda masal, ramziylikka moyillik sezilarli darajadadir. Aytmatov «Inostrannaya literatura» (Moskva) jurnaliga muharrir (1980 — 90), 1990 yildan sobiq SSSRning, so‘ng Rossiya Federatsiyasining, 1991 yildan Qirg‘iziston Respublikasining Lyuksemburg, Belgiyadagi elchisi. Aytmatov tashkil etgan «Issiqko‘l forumi» xalqaro tinchlik harakati, muhim ijtimoiy masalalarni hal etishda samarali ta’sir o‘tkazmoqda. Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi Prezidenti (1995-2008). Aytmatovning asarlari jahonning 154 tiliga tarjima qilinib, 20 mln.dan ortiq nusxada chop etilgan (1999). «Sarvqomat dilbarim» («Dovon»), «Bo‘tako‘z» («Jazirama»), «Birinchi muallim», «Jamila», «Alvido, ey Gulsari» va boshqa ekranlashtirilgan, o‘zbek va chet el teatrlarida sahnalashtirilgan. «Momo yer» asariga I. Akbarov musiqa yozgan.

Aytmatovning qariyb hamma asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. Aytmatov o‘zbek adabiyoti, umuman, o‘zbek madaniyati tarixini yuksak baholab, «Qadim-qadim o‘zbek madaniyatining O‘rta Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning Qadim Rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyoslash mumkin», deb hisoblaydi. Aytmatov O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» (1995), «Buyuk xizmatlari uchun» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. Qirg‘iziston Respublikasida Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi «Oltin medal» mukofoti ta’sis etilgan (1999).

Asos: Chingiz Aytmatov (1928–2008; Qirg‘iziston)  [Elektron resurs]. – Kirish tartibi: http://ziyouz.uz, erkin.

Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi PQ-3645-son qarori

Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi. 

Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib bordi. 

O‘tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog‘ida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning sha’ni va obro‘-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurtimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi. Betakror ijodkorning davlatimiz tomonidan “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangani ham shundan dalolat beradi. 

Atoqli adib o‘zbek adabiyoti va san’atining yirik namoyandalari bilan yaqin do‘st va ijodiy hamkor bo‘lgani yosh adiblarimiz uchun yuksak ibrat namunasidir. 

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatimizda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda. O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozitsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

O‘zining noyob iste’dodi va jo‘shqin ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni, adabiy-madaniy aloqalarimizni rivojlantirish ishiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda tavalludining 90 yilligini munosib nishonlash maqsadida: 

  1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va jamoatchilik vakillarining buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 
  2. Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda Tashkiliy qo‘mita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 
  3. Tashkiliy qo‘mita bir oy muddatda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin. 

Ushbu chora-tadbirlar rejasida: 

“Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish; 

Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish; 

yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish; 

Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga adib nomini berish; 

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib byustini o‘rnatish; 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Chingiz Aytmatov va o‘zbek adabiyoti” mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazish; 

mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish; 

2018 yil dekabr oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish tadbirlari ko‘zda tutilsin. 

  1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin. 
  2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM