Bosh sahifa > Abay Qo‘nonboev (1845-1904)

Abay Qo‘nonboev (1845-1904)

Qozoq klassik adabiyotining asoschilaridan biri, buyuk shoir va ma’rifatparvar Abay (Ibrohim) Qo‘nonboev (Abay Qo‘nanboy o‘g‘li) 1845 yilda Qozog‘istonning Semipalatinsk uezdiga qarashli Chingiztov rayonida chorvador oilasida tug‘ildi.

Yoshlik chog‘larida u madrasada o‘qidi. Keyinchalik rus maktabiga qatnab, rus tili va adabiyotini o‘rgandi. Abay, bir tomondan, sharq adabiyotining buyuk vakillari Firdavsiy, Navoiy, Nizomiy ijodi bilan, ikkinchi tomondan, A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, M.Ye.Saltikov-Shchedrin asarlari bilan qiziqib, o‘z bilimini oshirdi.

Abay ijodi yoshlik chog‘laridan she’r yozish va o‘lan aytishdan boshlandi. Uning juda ko‘p o‘lanlari xalq orasida mashhur. O‘z davrining ilg‘or g‘oyali ziyolisi bo‘lgan Abay ma’rifatparvarlik harakatiga boshchilik qildi.

Abay zamondoshlarini chuqur o‘yga, hayajonga soluvchi she’rlar yaratdi. Shu bilan birga, u rus madaniyatini o‘rganish bilan jiddiy shug‘ullandi, Semipalatinsk ommaviy kutubxonasiga tez-tez borar va u yerda rus ziyolilari vakillari bilan do‘stlashgan edi. Abayning ta’lim va demokratik g‘oyalarini shakllantirish va rivojlantirishda ilg‘or rus ziyolilari bilan do‘stlik va hamkorlikda  ish olib borish, rus adabiyotidan doimo boxabar bo‘lish muhim ahamiyat kasb etdi.

Abay qozoq xalqining hayotini aks ettiruvchi ajoyib asarlarni yaratibgina qolmay, jahon adabiyoti klassikalarining asarlarini ona tiliga tarjima qildi.

Badiiy so‘z qozoq xalqining hayotida alohida ahamiyatga ega edi. Tasviriy san’at, arxitektura, teatr kabi san’at turlari ko‘chmanchi hayot sharoitida to‘laqonli rivojlana olmas edi. Shu bois, she’r va musiqa xalq tomonidan olqishlanar va avloddan avlodga berib kelinar edi.

Abay ne-ki yozmasin, o‘z ijodi orqali o‘zini vatanparvar-faylasuf, ma’rifatparvar inson, o‘z xalqini sevadigan va uning porloq kelajagiga ishonadigan odam sifatida namoyon bo‘ladi. Abay Kunanboevning she’riyati qozoq xalqining ma’naviy hayotida, uning adabiyotida muhim o‘rin tutadi. Abayning she’rlari va qo‘shiqlari og‘izdan og‘izga, qishloqdan qishloqqa o‘tib, xalq orasida sevib tinglanib va kuylanib kelinmoqda. Abayning she’riyati tufayli, qozoq she’riyati nafaqat mafkuraviy va badiiy kashfiyotlar bilan boyidi, balki yurt ravnaqi va rivojlanishi yo‘lida yangi, aniq yo‘nalishga yo‘naltirtirildi.

U xalqni savodxon qilishga va ilm o‘rganishga da’vat etdi. Abay birinchi qozoq kompozitori hamdir. U o‘z she’rlariga xalq kuylari asosida kuylar bastalagan.

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM