Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sirli osmon sinoatini ochgan alloma” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sirli osmon sinoatini ochgan alloma” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma
20.03.2019

2019 yil 22 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Ilm” o‘qish zalida davlat arbobi, buyuk o‘zbek astronomi va matematigi Mirzo Ulug‘bek (1394-1449) tavalludining 620 yilligiga bag‘ishlangan “Sirli osmon sinoatini ochgan alloma” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada allomaning hayoti va ilmiy kashfiyotlari haqida hikoya qiluvchi adabiyotlar va suratlar o‘rin olgan.

Buyuk astronom va matematik, olim va davlat arbobi Mirzo Muxammad ibn Shaxruh ibn Timur Ulug‘bek Tarag‘ay 1394 yil 22 mart kuni Sultoniyada tavallud topgan. U 1409 yilda Samarqand hukmdori etib tayinlangan, 1447 yilda esa Temuriylar sulolasining oila boshisiga aylanadi. MirzoUlug‘bek matematika fanining barcha sohalarida chuqur bilimga ega bo‘lgan. Uning bilimlari doirasining kengayishida bobokaloni Amir Temur kutubxonasidagi kitoblarning ahamiyati cheksizdir. Uning ustozlari - olimlaru, fuzalolar qatorida Qozizoda Rumiyning hizmatlari alohida tahsinga loyiqdir.

Mirzo Ulug‘bek 1018 ta yulduzlarning holati va harakatini o‘rganib chiqib, barchani xayratda qoldiradi va Astronomiya fanini yangi taraqqiyot pog‘onasiga ko‘taradi. U Samarqandda mashhur rasadxona, 1417-1420 yillarda esa madrassa qurdirdi. Bu benazir alloma o‘zida minglab yulduzlarning harakatini jamlagan mukammal astronomik jadvalini yaratdi. Ushbu jadvalda zikr etilgan ilmiy ma’lumotlarning naqadar aniq va to‘g‘ri ekanini bugungi eng zamonaviy asboblar ham tasdiqlamoqda. Ulug‘bekning hayoti va ilmiy faoliyati xalqimiz ma’naviyatining poydevoriga qo‘yilgan tamal toshlaridan biri bo‘lib, yurtimizda bundan necha zamonlar oldin fundamental fanlarni rivojlantirishga qanchalik katta ahamiyat berilganini ko‘rsatadi. «Ziji jadidi Kuragoniy» deb nomlangan Ulug‘bek astronomik jadvali o‘rta asrlarda lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropa olimlari orasida keng tarqalgani fikrimizning yaqqol isbotidir.

Ko‘rgazmada taqdim etilgan “Ulug‘bek akademiyasi”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Ma’naviyat yulduzlari”, “Ulug‘bek rasadxonasi”, “Ulug‘bek”, “Buyuk allomalarimiz”, “Iz istorii klassifikatsii nauk na srednevekovom musulmanskom Vostoke”, “Zvyozdы akademii Ma’muna”, “Temur va Ulug‘bek”, “Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida”, “Ulug‘bek va uning ilmiy merosi”, “Mirzo Ulugbek avlodlari” kitoblari, ma’ruza va tezislar to‘plamlari, jurnal maqolalari Ulug‘bekning boy ilmiy merosi, uning avlodlari, uning nafaqat ilm-fan va insoniyat tamadduni rivojiga ulkan xissa qo‘shgan olim, balki adolatli davlat hukmdori bo‘lganligi bilan tanishtiradi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM