Bosh sahifa > YANGILIKLAR > Bolalar kitoblari haftaligi doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Moviy jomadoni bolalar huzurida bo‘ldi

Bolalar kitoblari haftaligi doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Moviy jomadoni bolalar huzurida bo‘ldi
03.04.2019

2019 yil 3 aprel kuni Xalqaro bolalar kitoblari kuniga bag‘ishlangan “Bolalar kitoblari haftaligi” turkum tadbirlar doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Moviy jomadoni Yunusobod tumanidagi 235,265-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari hamda  va 221,35-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari huzuriga yo‘l oldi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi O‘qish zallari xizmati mutaxassislari o‘quvchilar huzuriga jahon adabiyoti namoyandalari asarlari bilan to‘ldirilgan Moviy jomadon bilan kelishdi. O‘qish zallari xizmatining yetakchi mutaxassisi N.Rasulova hamda M.Bobomuhamedovalar bolalarga “Moviy jomadonning sayohati” aksiyasi tarixi va uning maqsadi haqida so‘zlab berdi. Kutubxona mutaxassislari o‘quvchilarning o‘qigan kitoblari bilan qiziqdilar, mashhur yozuvchi va shoirlarning asarlari haqida so‘zlab berdilar va bolalar bilan birgalashib bu asarlarni muhokama qilishdi. O‘quvchilar muhokamada faol qatnashib, o‘zlari o‘qigan kitoblar haqida hikoya qilishdi va ularni do‘stlariga tavsiya etishdi. Shuningdek ular tashrif davomida ko‘plab ajoyib, sarguzashtli kitoblar bilan tanishdilar.

O‘quvchilar uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bo‘ylab virtual ekskursiya taqdim etildi. Kutubxona mutaxassislari bolalarning ertaklarni sevishga, ulardan ko‘p foydali o‘gitlar olishga undovchi “Ertakterapiya” deb nomlangan o‘yin o‘kazdilar. O‘yin ertaklar va hikoyalar qahramonlari obrazlari orqali inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir etib, ularni jamiyatda komil inson bo‘lib yetishishlariga, ularning so‘z boyligini maqol, matal va tezaytishlar yordamida boyitishga, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga, mantiqiy va mavhum fikrlashini rivojlantirishga va jamoada ishlash qobiliyatini shakllantirishga ko‘maklashadi. O‘yin davomida bolalar qiziqarli ertaklar to‘qidilar va ularga rasmlar chizdilar. Uchrashuv davomida  Milliy kutubxona mutaxassislari maktabgacha ta’lim tarbiyalanuvchilari bilan “Yubilar ertak kitoblari mehmonda” mavzusida ertaklar olamiga sayohat, “Topgan topaloq” nomli topishmoqlar musobaqasi hamda“Ertakdagi qahramonni top” nomli musobaqalar o‘tkazdilar. Maktab o‘quvchilari bilan esa -O‘zbekiston xalq shoiri A.Obidjon hamda rus masalnavisi Ivan Andreevich Krilovning «Krilov masallari sahifalarida» asarlarini ovozli o‘qish va o‘qilgan asarning muhokamasi bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurgan Halq ta’limi Vazirligi tasarrufidagi FFIDUMning 4-“D” sinf o‘quvchilari uchun “Ijod” o‘qish zalida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi O‘qish zallari xizmati mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bo‘ylab virtual ekskursiya taqdim etildi.

Ishtirokchilar ajoyib uchrashuv uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdilar va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM