Bosh sahifa > YANGILIKLAR > «INFOLIB» jurnalning 2019 yilgi 1-soni sahifalarida

«INFOLIB» jurnalning 2019 yilgi 1-soni sahifalarida
08.04.2019

Xurmatli mushtariy, Siz bilan  jurnalning 2019 yilgi 1-soni orqali g‘oyibona uchrashib turganimizdan mamnunmiz.

«INFOLIB» jurnalining nufuzi so‘nggi yillarda ortib bormoqda. Buni biz respublikamizdagi axborot-kutubxona muassasalarining tajribali mutaxassislari maqolalari hamda xorijiy mualliflar bilan olib borayotgan hamkorligimiz samarasida deb bilamiz. Zero 2018 yil davomida birgina xorijiy mualliflarning 34 ta maqolasi jurnalimiz sahifalarida chop etildi. Biz o‘z faoliyatimizni shunday sur’atda davom ettirish maqsadida, Sizlarni bu yilda ham qiziqarli ilmiy maqolalar bilan tanishtirib boramiz. Xususan, jurnalning «Minbar» ruknida taniqli adabiyotshunos olim Sultonmurod Olim shoir va mutafakkir Alisher Navoiy qaysi janrlarda ijod qilgani, uning asarlarini bugungi kun qarashi bilan o‘qish lozimligi kabi mavzulardagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi. Jurnalning «Yangiliklar» ruknida har doimgiday Xalqaro kutubxonalar assotsiatsiyalari federatsiyasi (IFLA) yangiliklari bilan tanishtirib boramiz. Yangiliklar avvalida IFLAning Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mintaqasi mutaxassislari uchun stipendiya dasturi, uning stipendiatlari haqida ma’lumotlar berilgan. «Xalqaro amaliyot» rukni Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir davlat ilmiy texnika kutubxonasi ilmiy bibliografiya bo‘limi boshlig‘i, biologiya fanlari nomzodi Tatyana Busiginaning tarix fanining axborot bazasi manbasi bo‘lmish tarixiy bibliografik ma’lumotlarga bag‘ishlangan maqolasi bilan boshlanadi. Rossiya Davlat Ermitajining qo‘lyozma va hujjatlar fondi bo‘limining katta ilmiy xodimi Irina Yefimova esa o‘z maqolasida Rossiya Davlat Ermitaj saroyida yig‘ilgan ulkan suratlar kolleksiyasi, noyob arxiv hujjatlarning saqlanishi haqida hikoya qiladi.

“Men sevgan kitob” ruknida siz, mushtariylarga, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Vafo Fayzullohning qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov asarlaridagi hayotiy voqealar adibning falsafiy talqinida tasvirlanishiga bag‘ishlangan maqolasini havola etamiz.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM