Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Central Asia – 2019”: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Central Asia – 2019”: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
09.04.2019

2019 yil 9 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Central Asia – 2019”: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbar va mutaxassislari hamkor vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshabaeva tadbir ishtirokchilarini qutladi va ularga konferensiyaning mohiyati, maqsadi va vazifalari haqida ma’lumot berdi. “Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevraldagi 133-f-sonli Farmoyishiga muvofiq bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2019 yilning 24-26 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida o‘tkazilmoqda. Bu yilgi konferensiyada 10ta xorijiy davlatdan 26 ta ekspert ishtiroki kutilmoqda. Mahalliy mutaxassislardan 80dan ziyod maqolalar kelib tushdi. Ular konferensiya dasturi va konferensiya to‘plamidan o‘rin oladi. Konferensiya doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yalpi majlis, 4ta sho‘ba, 1ta mahorat darsi va 3ta seminar-trening mashg‘ulotida mutaxassislar soha faoliyatini tartibga soluvchi yangi me’yoriy hujjatlar, yangiliklar, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning innovatsion usullariga doir milliy va xorijiy tajriba bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sirdaryo viloyati tajribasida ilgari surgan 5 tashabbusning to‘rtinchisiga, ya’ni aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga hamohang bo‘lib, fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarni rivojlantirish va qo‘llashda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar faoliyatining hamjihatlikda ko‘p yillar samarali hamkorlikda faoliyatlarini kengaytirishdan, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlashni maqsad qilib olgan.

Bu yilgi konferensiya o‘tgan yildagisidan kitob va kitobxonlik masalalariga,  sohadagi muammolarga alohida e’tibor qaratilishi, Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi UzNEL dasturining ishlash jarayoni bo‘yicha mahorat darslari MDH va xorijiy davlatlar Milliy kutubxonalar bilan hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishi, qolaversa mutaxassislarining yurtimiz kutubxonachilik sohasiga qiziqishi bildirilayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Konferensiya doirasida respublikamizda axborot-kutubxona muassasalarining bugungi kundagi holati, sohada mavjud dolzarb muammolar tahlil qilinishi, tajribalar almashinishi, istiqboldagi rejalar belgilab olinishi va hamkorlikda faoliyat yuritish mexanizmi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda”, - dedi U.Teshabaeva.

Sotsiologiya fanlari doktori, professor A.Umarov konferensiya tarixi va hozirgi nufuzi haqida alohida to‘xtaldi. “Konferensiya tashkil etilgan ilk davrlarda 7-8 nafar xorijiy mutaxassislar ishtirok etgan bo‘lsa, hozirgi kunda ular soni 25-30 nafarga yetdi. Konferensiyaning har yili turli viloyatlarda o‘tkazilishi o‘sha viloyat axborot-kutubxona sohasining jonlanishiga va yanada rivojlanishiga olib keladi”.

Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H.Karimova mazkur konferensiyani ta’riflar ekan, uni soha taraqqiyotidagi ahamiyatini e’tirof etdi. “Mazkur konferensiya - oliy minbardir. Zero, unda har bir mutaxassisning fikri va tashabbusi tinglanadi, muammolar yechimini topadi. Bu yosh mutaxassislarimiz uchun tramplin vazifasini o‘taydi, chunki anjumanda ishtirok etish maqsadi ularni o‘z ustida ishlashga undaydi va pirovardida yuqori salohiyatli mutaxassislar ko‘payishiga sabab bo‘ladi”, - dedi H.Karimova.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Z.Berdieva konfenrensiyaning mavqei va respublikada soha rivojida tutgan o‘rnini ta’kidlar ekan, dedi: “Konferensiya – bu maslakdosh do‘stlar uchrashuvi, tajriba almashish, malaka oshirish maydonidir. Bunda nafaqat mutaxassilar, balki boshqa soha vakillari, ota-onalar uchun ham ko‘p foydali ma’lumotlar mavjud. Chunki kitob o‘qish va mutolaa madaniyati uyda, ta’lim muassasalarida shakllantiriladi. Kutubxona esa mutolaa uchun barcha sharoitlarni taqdim etadi”.

Matbuot anjumani ishtirokchilari tashkil etilajak sho‘balar, xorijiy ishtirokchilar taassurotlari bilan tanishish imkoniyatlari va boshqa o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va tashkilotchilarga omad tiladilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM