Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sohibqiron bobom – Amir Temur o‘gitlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sohibqiron bobom – Amir Temur o‘gitlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir
15.04.2019

2019 yil 15 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligi munosabati bilan “Sohibqiron bobom – Amir Temur o‘gitlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. “Ma’naviyat karvoni” loyihasi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, Olmazor tumani xalq ta’limi xodimlari, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti harbiy xizmatchilari, professor-o‘qituvchilari, kursantlari, Olmazor tumani mahallalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.  

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida Sohibqiron bobomiz Amir Temurga xos dunyoqarashi keng, zehnli, yuksak ma’naviyatli vorislar bo‘lib yetishish, bolaligidanoq kitobga mehr uyg‘otish, jahon badiiy va ilmiy adabiyotlarning noyob qimmatini anglashi hamda bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish asosida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari profilaktikasini amalga oshirishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti rektor o‘rinbosari M.Mirakulov ishtirokchilarini qutladi va ularga tadbir mohiyatini ochib berdi. “Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Mazkur tashabbuslardan biri yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan. Bugungi tadbir shu tashabbuslarni hayotga tatbiq etish doirasida bo‘lib o‘tmoqda”, - dedi M.Mirakulov.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, yuridik fanlari doktori, professor H.Boboev, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi A.Odilov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, boburshunos, qodiriyshunos olim T.Saydalievlar Amir Temurning mamlakat va jahon tarixida tutgan o‘rni, uning hayoti va davlat boshqaruvi faoliyati, uning har qanday mushkul vaziyatdan chiqib keta olish zakovati, mardligi, jasorati, vatanparvarligi, topqirligi, temir irodasi yosh avlod uchun ibrat, hayot maktabi va Vatanga sadoqat namunasiga aylanganini e’tirof etishdi.

Tadbir so‘ngida maktab o‘quvchilari orasida Amir Temur hayoti va faoliyatiga doir viktorina o‘tkazildi. Viktorina savollariga to‘g‘ri javob bergan o‘quvchilar kitoblar bilan taqdirlandilar. Shuningdek, Olmazor tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondidan doimiy foydalanishlari uchun a’zolikka qabul qilindilar va kutubxona bo‘ylab ekskursiya qildilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM