Bosh sahifa > YANGILIKLAR > “Central Asia – 2019. FAN, TA’LIM, MADANIYaT VA BIZNESDA INTERNET VA AXBOROT-KUTUBXONA RESURSLARI” XIII Xalqaro konferensiyasining yalpi majlisi

“Central Asia – 2019. FAN, TA’LIM, MADANIYaT VA BIZNESDA INTERNET VA AXBOROT-KUTUBXONA RESURSLARI” XIII Xalqaro konferensiyasining yalpi majlisi
24.04.2019

2019 yil 24 aprel kuni “Central Asia – 2019. FAN, TA’LIM, MADANIYaT VA BIZNESDA INTERNET VA AXBOROT-KUTUBXONA RESURSLARI” XIII Xalqaro konferensiyasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda konferensiyaning barcha qatnashchilari ishtirok etdilar. Uni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Marat Raxmatullaev olib bordi.

Yalpi majlisni Belarus Milliy kutubxonasi direktori Roman Motulskiyning Belarus Milliy kutubxonasining kitob yodgorliklarini virtual ta’mirlash borasidagi faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzasi ochib berdi. Unda notiq ko‘p asrlik belarus kitobat tarixi, yozma madaniy meros namunalarining saqlanishi va ularni qayta tiklanishida yangi innovatsion texnologiyalardan foydalanilayotgani haqida ma’lumot berdi.

AQSh Kutubxona fondi ijrochi direktori Merris Sumrall kutubxonalar uchun ko‘mak va moliyalashtirishni yaratish imkoniyatlariga bag‘ishlangan ma’ruzasida, hozirgi kunda  AQSh kutubxonalarida moddiy va siyosiy ko‘mak yetishmasligi natijasida yopilib borilayotgani haqida ma’lumot berdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Marat Raxmatullaev O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalarining xalqaro kooperatsiyasi, uning muammo va istiqbollari haqida ma’ruza qildi, Rossiya Fanlar akademiyasi Davlat ommaviy ilmiy-texnik kutubxonasi Sibir bo‘limi direktor o‘rinbosari Natalya Redkina “Biblioteka 4.0” – kelajak xizmat ko‘rsatish kutubxonasi modeli” deb nomlangan ma’ruzasida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishning innovatsion yo‘lini tanlagan kutubxonalar uchun mutaxassislarni Library 4.0 modeli asosida tayyorlashni tavsiya qildi. Nazarboev universiteti kutubxonasi ekspert-menedjeri Djozef Yap axborot  savodxonligini oshirish yechimlari va kutubxona dasturlari haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Turkiyaning Xasepet universiteti Axborot menejmenti kafedrasi professori Yasar Tonta “Madaniy merosning raqamli kelajagi” mavzusidagi ma’ruzasida axborot-kutubxona resurslarini raqamlashtirishning zarurati, ularni kelajak avlodga yetkazishda ishonchli manba vazifasini o‘tashini ta’kidladi.

Gordon kolledji kutubxonasi (Ravalpindi, Pokiston) professori Arif Naushaxi «Matla-i-sa'dayn va Madjmai-i Baxreyn: Temuriylar tarixi» nodir qo‘lyozmalari haqida batafsil ma’lumot berdi, Rossiya Fanlar akademiyasi Davlat ommaviy ilmiy-texnik kutubxonasi Sibir bo‘limi direktor o‘rinbosari Denis Kosyakov ilmiy yangiliklar agregatori tahliliy tadqiqotlar uchun axborot resursi va bazasi haqida, B.Yelsin nomidagi Prezident kutubxonasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Mariya Stegaeva raqamlashtirilgan kolleksiyalarning elektron to‘plamlarni tashkillantirish bo‘yicha Prezident kutubxonasi tajribasi haqida ma’lumot berdi, Nazarboev universiteti kutubxonasi direktor o‘rinbosari Petr Lapo esa ishtirokchilarni Nazarboev universiteti kutubxonasi axborot resurslari bilan tanishtirdi.

Rossiya davlat kutubxonasi “Obosoblennoe podrazdelenie Ximkinskiy kompleks” boshqarmasi boshlig‘i Irina Sakirko yagona ilmiy makonni shakllantirishda ilmiy tadqiqotlar fondining roli, Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Indira Gandi nomidagi Markaziy ilmiy kutubxona direktori Shodimahmad Sufiev zamonaviy axborot makonida akademik kutubxonalar, Tojikiston Milliy kutubxonasi direktor o‘rinbosari Gadobeg Mahmudov Tojikiston Respublikasi Milliy kutubxonasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabaeva O‘zbekiston Respublikasida kutubxona va axborot sohasining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari haqida ma’ruza qildilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM