Bosh sahifa > YANGILIKLAR > “Central Asia – 2019. FAN, TA’LIM, MADANIYaT VA BIZNESDA INTERNET VA AXBOROT-KUTUBXONA RESURSLARI” XIII Xalqaro konferensiyasi doirasida 2-sho‘ba yig‘ilishi

“Central Asia – 2019. FAN, TA’LIM, MADANIYaT VA BIZNESDA INTERNET VA AXBOROT-KUTUBXONA RESURSLARI” XIII Xalqaro konferensiyasi doirasida 2-sho‘ba yig‘ilishi
25.04.2019

2019 yil 25 aprel kuni konferensiya doirasida sho‘ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda. Ularda mamlakatimizdagi axborot-kutubxona muassasalari, nashriyotlar, arxivlar, muzeylar va AKT mutaxassislari, olimlar va  tadqiqotchilar, hamda ta’lim muassasalari o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etdilar.

2-sho‘ba yig‘ilishi “Kutubxona xizmatlari samaradorligini oshirishda yetakchi axborot texnologiyalari va resurslari” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, uni Samarqand davlat chet tillari instituti kafedra mudiri, pedagogika fanlari doktori M.Lutfillaev va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, PhD doktoranti O‘.Karimovlar olib bordi.

Sho‘ba yig‘ilishida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar WEB - kompyuter tizim modellari asosida virtual kutubxonalarning elektron resurslarini shakllantirish, O‘zbekistonda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishning amaliy jihatlari, Axborot-kutubxona muassasalarining xizmatlarini tashkil etishda mobil ilovalardan foydalanish va uning istiqbollari, ProQuest: ijtimoiy va gumanitar fanlarga oid ilmiy resurslar bazasidan foydalanish, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi katalogizator mutaxassisining intellektual mehnati, «TURON» axborot-kutubxona markazida real voqelik bilan to‘ldirilgan 3D kitoblar, integrallashtirilgan axborot-kutubxona tizimlarining rivojlanish tendensiyasi tahlili va integratsiya qilish samaradorligini hisoblashda MRD ko‘rsatkichi, axborot-kutubxona tizimlari uchun avtoritet fayllar bazasini yaratish dolzarbligi, O‘zbekiston Respublikasi olimlarining bibliometrik ma’lumotlar bazasini yaratish prinsiplari va xususiyatlari, axborot-kutubxona muassasasining innovatsion va loyihaviy faoliyati, bugungi kitobxonning axborot-resurs markazidan foydalanish imkoniyatlari va yangi innovatsion ta’lim, elektron arxivlarni tashkil etish, hujjatlarni jamlash, hisobga olish va foydalanishda markazlashgan axborot tizimini yaratish kabi mavzularni keng yoritdilar va bu borada joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdilar.

Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazi, bo‘lim boshlig‘i D.Ahmedov va Kataloglashtirish va turkumlashtirish  bo‘limi boshlig‘i Sh.Ahmedovlarning kutubxona sohasida QR-kodlardan foydalanishning ahamiyati, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xizmat rahbari Nasiba Xoldorovaning UzNEL dasturiy ta’minoti bo‘yicha “Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi” loyihasi doirasida “Komplektovanie” moduli haqida bergan ma’lumotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Sho‘ba yig‘ilishi so‘ngida eng yaxshi ma’ruzalar aniqlanib, ma’ruzachilar diplomlar bilan taqdirlandilar.

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM