Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Pushkin – erkinlik va ozodlik kuychisi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Pushkin – erkinlik va ozodlik kuychisi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
04.06.2019

Esimdadir ajib dam hali:

Ko‘z oldimda bo‘lding namoyon,

Pok go‘zallik dahosi kabi,

Bir lahzalik xayol, tushsimon.

A.S Pushkin

2019 yil 4 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Kashfiyot” o‘qish zalida rus shoiri, dramaturg va yozuvchi Aleksandr Sergeevich Pushkin tavalludining 220 yilligiga bag‘ishlangan  “Pushkin – erkinlik va ozodlik kuychisi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.

Buyuk rus adibi Aleksandr Sergeevich Pushkin 1799 yil 6 iyun kuni Moskvada  tug‘ilgan. Uda nafis so‘zga mehr-muhabbatning paydo bulishida rus xalq qo‘shiqlari hamda ertaklarini yaxshi bilgan enagasi Arina Rodionovnaning ta’siri kattadir. U o‘qigan sarskoe Selodagi litsey (1811—17) Pushkinning shoir va erksevar inson sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lgan. Litseyni tugatgach, u Peterburgga ko‘chib borgan va tashqi ishlar kollegiyasida kotib lavozimida ishlagan. Pushkinning dastlabki she’rlari 1813 yilda matbuot yuzini ko‘rdi. U litseyda o‘qib yurgan kezlarida 120 ga yaqin she’r va 2 doston (tugallanmagan) yozadi. Keyinchalik Pushkin rus jamiyatida uyg‘onib borayotgan erksevarlik kayfiyati ta’sirida «Erkinlik» (1817), «Chaadaevga» (1818), «Qishloq» (1819) singari she’rlarni yaratadi.

1820 yilda Pushkin litsey lirikasidan farqli o‘laroq rus she’riyati taraqqiyoti uchun yangi badiiy ufqlarni ochib bergan «Ruslan va Lyudmila» poemasini yozdi. Pushkinning ertak hamda dostonlari, she’rlari, qissalari har birimizga bolaligimizdan yaxshi tanish. Ulug‘ shoir asarlarida rostgo‘ylik, halollik, ezgulik ulug‘lanadi. Mehr-muhabbat, samimiyat kabi pokiza tuyg‘ular shoirga xos bo‘lgan jo‘shqin satrlar vositasida tarannum etiladi.

Pushkin ijodining tadrijiy yo‘lini shartli ravishda 4 bosqichga ajratish mumkin. Agar 1813—16 yillarni o‘z ichiga olgan l-bosqichda Pushkin o‘z zamondoshlarining badiiy tajribasini o‘zlashtirgan bo‘lsa, 2-bosqich (1817—20)da Pushkin ijodining g‘oya va mavzular olami kengayib, u o‘z uslubiga erishish yo‘lida badiiy izlanishlar olib borib, kitobiy til bilan jonli xalq tilini o‘zaro yaqinlashtirdi. Shoirning 1820—24 yillar ijodida (3-bosqich) romantizm ustuvorlik qildi. Ammo ko‘p o‘tmay, Pushkin qahramonni poetiklashtirish va voqelikni ehtiros bilan tasvirlashda davom etgan holda romantik tasvir metodidan chekindi. Pushkin ijodining 1925 yildan boshlangan 4-bosqichida obrazlar va mavzular ko‘lamini chegaralashning har qanday ko‘rinishini rad etuvchi, fikr bilan tuyg‘uni, haqiqatni tadqiq etish bilan «jonli tasavvur»ni o‘zaro uyg‘unlashtirishga asoslangan realistik tizimni ishlab chiqdi.

Shoir ijodida mavzular ko‘lami bag‘oyat keng. Chunonchi, Vatan, baxt-saodat, yoshlik sururi to‘lqinlangan satrlar o‘quvchilarga zavqu shavq ulashadi. Pushkin asarlari Cho‘lpon, Usmon Nosir, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Mirtemir singari taniqli shoir va adiblarimiz tomonidan ona tilimizga mohirona o‘girilgan. Pushkinning rang-barang ijodi nafaqat keyingi rus adabiyoti, balki musiqa, teatr, balet, rangtasvir singari san’at turlarining ham rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

“Pushkin – erkinlik va ozodlik kuychisi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmada Pushkin nomi bilan chambarchas boglik rus adabiyotida realizm va xalqchillik tamoyillarining, qator she’riy janrlarning shakllanishi va taraqqiyoti haqida hikoya qiluvchi kitoblar, Pushkinning jahon adabiyotida munosib o‘rnini yana bir bor tasdiqlovchi asarlari o‘rin olgan.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM