Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan adabiy-musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan adabiy-musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi
04.06.2019

2019 yil 4 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan  adabiy-musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi. Boshqird-tatar milliy madaniyat markazining “Agidel” klubi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Respublika baynalmilal madaniyat markazi, nemis, yaxudiy, tatar milliy madaniyat markazlari vakillari, tadbir mehmonlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad – adabiy-musiqiy dastur orqali bolajonlarni O‘zbekistonda yashovchi turli millatlar madaniyati va san’ati, milliy madaniyat markazlar faoliyati bilan tanishtirish, bolalarda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni haqida keng tushuncha yaratish, ularning dunyoqarashini boyitish, ularga quvnoq, shodon kayfiyat ulashish, shuningdek, ular o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash.

Tadbirda Boshqird madaniyat markazi “Agidel” klubining badiiy rahbari E.Magiyarova tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, ishtirokchilarni qutladi, bolajonlarga Bolalarni himoya qilish kuni haqida ma’lumot berdi va mazkur bayramning mohiyati haqida so‘zlab berdi. Shuningdek u Respublika baynalmilal madaniyat markazining O‘zbekistonda tinchlik, farovonlikni ta’minlash va bag‘rikenglikni qaror toptirishdagi xizmatlarini e’tirof etdi va: “O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi turli millat vakillari mamlakatimizning yagona va xilma-xil madaniyatini shakllantirish, uni shaklan va mazmunan boyitishda o‘z munosib xissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Bugungi madaniyatlar hamohangligi bayrami - o‘zbek xalqining etnik bag‘rikengligi, xayrixohligi, mehmondo‘stligi namunasidir”, - dedi.

Bayram konserti dasturidan “Agidel” boshqird folklor dastasi, “Syandri” koreys ansambli, “Legava” yahudiy xoreografik ansambli, nemis ansambli hamda “Rayxon” va “Elif” raqs ansambllarining chiqishlari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM