Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekistonda “Eng yaxshi rus tili o‘qituvchisi” tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekistonda “Eng yaxshi rus tili o‘qituvchisi” tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
07.06.2019

2019 yil 7 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “SHARQ AYOLI” Xalqaro ayollar jamoat fondi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “Eng yaxshi rus tili o‘qituvchisi” tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Xalq ta’limi vazirligi, "Sharq ayoli" xalqaro ayollar jamoat jamg‘armasi hamda Rossiyaning “Russkaya gumanitarnaya missiya” tashkiloti tomonidan “Eng yaxshi rus tili o‘qituvchisi” tanlovida yurtimizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

 

Mazkur loyihaning asosiy maqsadi o‘zbekistonlik rus tili fani o‘qituvchilari malakasini oshirish, rus tili va adabiyotini o‘qitishning yangi pedagogik usullarini ta’limga joriy etish, shuningdek, pedagoglarning kasbiy va kommunikativ ko‘nikmalarini oshirishdan iborat. Tanlov rus tili o‘qituvchilari uchun metodik yordam ko‘rsatish, til o‘qitishda zamonaviy innovatsion uslublardan foydalanish bo‘yicha hamkasblar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan.

 

Tadbirda «Sharq Ayoli» Xalkaro Ayollar Jamoat Fondi raisi S.Tursunboeva, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari D.Kenjaev, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi V.Tyurdenev, “Russkaya gumanitarnaya missiya” tashkiloti Bosh direktori A.Polkovnikovlar so‘zga chiqib hozirgi kunda O‘zbekistonda rus tiliga qaratilayotgan e’tibor, rus tilini o‘qitish borasidagi yutuqlar va kelajakdagi istiqbollar haqida gapirdilar. “Men o‘zbek xalqining so‘nggi kunlarda rus tiliga, rus adiblari ijodiga ko‘rsatilayotgan e’tibordan cheksiz shodman. Bunga rus adibi A.S.Pushkinning 220 yilligining keng nishonlanishi, unda o‘nlab o‘zbek yoshlarining Pushkin she’rlarini o‘qishi, O‘zbekistonda chop etilayotgan jahon adabiyoti namoyandalarining sara asarlari 100 jildlik nashrining 1-jildi rus adibi Pushkin ijodiga bag‘ishlangani, yaqinda bo‘lib o‘tgan Vinogradovxonlik anjumanida O‘zbekistonlik rus tili o‘qituvchilarining ishtiroki quvonarlidir”, - dedi Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi V.Tyurdenev.

 

Tanlovning respublika bosqichida ishtirokchilar “Russkaya gumanitarnaya missiya” tashkiloti, Rus tili va adabiyoti o‘qituvchilarining xalqaro uyushmasi hamda "Sharq ayoli" xalqaro ayollar jamoat fondi vakillaridan iborat komissiya tomonidan rus tili fani bo‘yicha test sinovlari, yozma ish, dars mashg‘uloti, zamonaviy AKT yordamida dars ishlanma tayyorlash kabi 4 ta shart bo‘yicha tashkil etilib, ishtirokchilar 100 ballik tizimda baholandilar.

 

“Eng yaxshi rus tili o‘qituvchisi” tanlovi respublika bosqichi g‘oliblari diplom, qimmatli sovrinlar va esdaliklar sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek ular Rossiyaga besh kunlik sayohat qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM