Bosh sahifa > YANGILIKLAR > Ruminiya-O‘zbekiston: hamkorlik sari qadam

Ruminiya-O‘zbekiston: hamkorlik sari qadam
04.07.2019

2019 yil 4 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida  Ruminiyaning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik muddati tugaganligi bois o‘tgan davr faoliyatining sarhisobiga bag‘ishlangan tadbir hamda haykaltarosh Konstantin Brankuzi asarlari fotosuratlari va Ruminiya milliy madaniyati namunalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistondagi Ruminiya elchixonasining favqulodda vaziri L.Chernaianu Ruminiyaning olti oy davomida Yevropa Ittifoqi Kengashida amalga oshirgan ishlarini sarhisob etdi. “Kengashga raislik davrida Ruminiya o‘z oldiga Yevropa Ittifoqining hamjihatligiga  erishish kabi ustuvor vazifani qo‘ydi. Rais-mamlakat sifatida u to‘rtta asosiy yo‘nalishdan iborat Ishchi dastur ishlab chiqdi. Birinchisi, barcha fuqarolar va a’zo davlatlar uchun barqaror va teng rivojlanish imkoniyatlarini beruvchi Yevropada yaqinlashish va birlashishga qaratilgan “Yaqinlashuv Yevropasi” yo‘nalishi. Ikkinchi yo‘nalish “Xavfsiz Yevropa” deb nomlanib, bu fuqarolar uchun xavf tug‘diradigan yangi muammolarini hal qilishni nazarda tutadi. Uchinchi yo‘nalish “Yevropa kuchli global o‘yinchi” deb nomlanadi. Unda raislik qiluvchi Ruminiya Ittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakilini qo‘llab-quvvatlaydi. Oxirgi yo‘nalish “Umumiy qadriyatlar Yevropasi” dir”.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshaboeva mehmonlarni qutladi va kelajakda samarali hamkorlikka umid bildirdi. “O‘zbekiston Respublikasi Ruminiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori sanaladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam prinsiplar va qadriyatlar, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan. Biz umid qilamiz-ki, mazkur tadbir bizning nafaqat Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan, balki mamlakatingizdagi kutubxonalar bilan hamkorlik qilishimizga ko‘maklashadi”.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari E.Stiprais Ruminiya delegatsiyasiga fidokorona xizmatlari uchun tashakkur izhor etdi va: “Yevropa Ittifoqi Kengashiga raislik davrida Ruminiya umumiy ustuvor yo‘nalishlarda - kuchli iqtisod, kuchli boshqaruv, yanada yaqin aloqalar va yanada kuchli jamiyatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan “2020 yilda 20 yutuq” dasturini ilgari surib Sharqiy qo‘shnichilikka qaratilgan yondashuvlarini qo‘llab-quvvatladi va xayrixohlik qildi”, - dedi.

Tadbir doirasida kutubxona foyesida rumin haykaltaroshi Konstantin Brankuzi asarlari fotosuratlari va Ruminiya milliy an’anaviy kiyimlari namunalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mashhur ruminiyalik haykaltarosh Konstantin Brankuzi 1876 yil 19 fevralda Ruminiyada tug‘ilgan. Ijodining ilk davrida u haqiqiy portretlar (tosh, gips) yaratishga qiziqqan bo‘lsa, keyinchalik unda zamonaviy uslubga, dekorativ shaklga, nur va soya tebranishlarini tasvirlashga qiziqish uyg‘ondi. Brankuzi san’atining xarakterli xususiyati geometrik jihatdan soddalashtirilgan, arxaik shaklga va kattalashtirilgan tasvirlarni yaratishdir. Brankuzi hamisha Ruminiya folklor san’ati - yog‘och o‘ymakorligining tabiiy go‘zalligiga sodiq qoldi. Brankuzi ijodi XX asrning badiiy tajribasi xazinasiga kirdi. Usta haykaltaroshning asarlari dunyoning yetakchi muzeylarida, xususan, Parijda va AQShda saqlanadi.

Kutubxona foydalanuvchilari jun, bo‘z va zig‘irpoya tolasidan tayyorlangan rumin an’anaviy milliy liboslari namunalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu yerda erkaklar shimlari, ko‘ylaklari, nimchalar, ayollar ko‘ylaklari, sorochkalari, shuningdek kiyimlarni bezash uchun bog‘ichlar va tasmalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM