Bosh sahifa > YANGILIKLAR > “INFOLIB – 2017”  VI Milliy axborot- kutubxona haftaligi doirasida xalq amaliy san’ati ustalari bilan uchrashuvlar va mahorat darslari bo‘lib o‘tdi

“INFOLIB – 2017”  VI Milliy axborot- kutubxona haftaligi doirasida xalq amaliy san’ati ustalari bilan uchrashuvlar va mahorat darslari bo‘lib o‘tdi
03.11.2017

“INFOLIB – 2017”  VI Milliy axborot- kutubxona haftaligi doirasida hafta davomida parallel tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Shunday tadbirlardan biri “San’at sexri” deb nomlangan ko‘rgazmadir. Unda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining foyesida M.Mamajonov, S.Badalboev, R.Zokirov, U.Toxirov, A.Saidaliev kabi O‘zbekiston amaliy san’at ustalarining ko‘rgazmasi namoyish etildi. 

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mehmonlarini, Haftalik qatnashchilarini, yoshlarni milliy an’analarimizning namunalari: kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, xattotlik, ganch o‘ymakorligi, naqqoshlik,  milliy cholg‘u asboblar namunalari bilan tanishtirish va uning ijodkorlari bilan yaqindan tanishtirish.

 

Aytish joizki, qadimdan insonlarning o‘z turmushini nafis bezashga intilishi O‘zbekiston xalq ustalarining ijodidan va dekorativ-amaliy san’atining ko‘p qirrali namunalaridan sezilib turadi. Ganch o‘ymakorligi ekspozitsiyasida serbezak bo‘rtma naqsh uslubidagi o‘simliksimon geometrik arabeskalar shaklida taqdim etilgan.

 

O‘zbekiston qadimdan yog‘och o‘ymakorligi bilan mashhur. O‘simlik va geometrik ornamentlardan qilingan naqsh to‘plamlari me’moriy qismlar bilan birgalikda uy jihozlarini ham bezagan. Yog‘och o‘makorligi juda keng ko‘lamda ishlab chiqarilgan – katta ustunlar va shift to‘sinlaridan tortib, to uncha katta bo‘lmagan uy jihozlarigacha – sandiqchalar, g‘aladonlar, qalamdonlar, xontaxtalar, milliy cholg‘u asboblari shular jumlasidandir.

 

Badiiy kulolchilik xalq san’atining eng keng tarqalgan turlaridan biri. O‘zbekistonning har bir kulolchilik markazida o‘ziga xos bo‘lgan rang va ornament yechimlari yuzaga kelgan. Texnik yechimlar kabi – mo‘yqalam bilan bo‘yash, qoliplash va gravirovka – mahsulotlarning shakli ham ko‘p emas.

 

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston xalq ustasi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi ijodkorlar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston hunarmandlar uyushmasi faxriy a’zosi, usta kulol Maxmudjon Mamajonov,  O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Oltin medali sohibi, Misr Arab Respublikasi Oliy ta’lim vazirligining oltin medali sohibi, O‘zbekiston hunarmandlar uyushmasi faxriy a’zosi, usta xattot Salimjon Badalboev, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi ijodkorlar uyushmasi a’zosi, “E’tirof-2017” yil  g‘olibi, xalq cholg‘u asboblari ustasi Rahmatilla Zokirov, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi ijodkorlar uyushmasi a’zosi, usta ganchkor Umar Toxirov, Yaponiya shahri ekspo –markazida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmaning 3-o‘rin sohibi, Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya davlatlarida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmalar laureati Abdukarim Saidalievlar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Unda ustalar o‘z xunarlarining sir-asrorlari bilan tanishtirdilar.

Ushbu ko‘rgazmamiz orqali amaliy san’at turiga mansub bo‘lgan mohir usta va shogirdlarining bir-biridan yorqin hamda serjilo san’at asarlarini ko‘rishingiz mumkin.  

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM