Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Jasur askar Shveykning sarguzushtlari” spektakli sahnalashtirildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Jasur askar Shveykning sarguzushtlari” spektakli sahnalashtirildi
08.11.2017

2017 yil 8 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida chex adibi Yaroslav Gashekning “Jasur askar Shveykning sarguzushtlari” nomli asari asosida sahnalashtirilgan spektakli namoyish etildi. Tadbir O‘zbekistondagi Chexiya Respublikasi elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Unda diplomatik korpus vakillari, o‘zbek ziyolilari, jurnalistlar va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kitobxonlari ishtirok etdilar.

Pesa muallifi va rejissyori - Gratias Agit 2013  mukofoti laureati, yozuvchi, shoira va rejissyor Adel Chilyakova. Spektakl “Art-Studiya-Svet” teatri tomonidan O‘zbekistondagi Chexiya Respublikasi elchixonasi   ko‘magida taqdim etildi.

Rejissyor va ijrochilar tomoshabinlarga chex romanining ruhiyatini, sahnalashtiruvchining g‘oyasini va aktyorlarning qalb iliqligini, xis-hayajonlarini yetkazib berishga harakat qildilar. Spektakl janri turfa xil bo‘lishi barobarida, unda ortiqcha hech narsa yo‘q. Uning tili ifodali va tushunarli, uning sehrli tili o‘tmish va bugunning dolzarb muammolari o‘rtasida ko‘prik  timsolida namoyon bo‘ladi. Spektakl muallifi va jamoa ishtirokchilari romanning dramatizm va hajviy holatlarga boy ruhiyati va mazmunini, ko‘rinishidan hajviy bo‘lgan mazkur asar orqali tomoshabinlarning qalbi va ongiga dunyo fojealarini ko‘rsatishni muvaffaqiyatli uddasidan chiqdilar.

“Art-Studiya-Svet” teatri spektaklni sahnalashtirishda ko‘rsatgan ko‘magi, umuminsoniy qadriyatlarga yangicha qarash imkonini bergani, tomoshabinlarni fikrlashga, hamdardlikka, fosh etilgan illatlarining ustidan kulishga chaqirgani uchun O‘zbekistondagi Chexiya Respublikasi elchixonasiga minnatdorlik bildirdi. Spektakl dekoratsiyalari va sahna suratlarini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Aleksandr Batikov yaratgan.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM