Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi “O‘zbekistonda inson omili va manfaatlari – eng oliy qadriyat” deb nomlangan kitob bilan boyidi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi “O‘zbekistonda inson omili va manfaatlari – eng oliy qadriyat” deb nomlangan kitob bilan boyidi
11.11.2017

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi iqtisodiyot fanlari doktori, professor Qalandar Abdurahmonovning “O‘zbekistonda inson omili va manfaatlari – eng oliy qadriyat” kitobi bilan boyidi. Mazkur kitob G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida 2017 yilda chop etildi.

O‘zbekistonda inson omili va manfaatlari – eng oliy qadriyat” kitobida O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng o‘tgan chorak asrdan ziyod vaqt davomida amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning natijalari, ularning xalq turmush darajasi va sifatini oshirish borasida qanchalik muhim ahamiyatga ega bo‘lgani aniq raqam va misollar, jahonning taraqqiy etgan davlatlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari tomonidan mamlakatimiz taraqqiyoti haqida bildirilgan fikrlar, ularning qiyosiy tahlili orqali ochib berilgan. Muallif O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish borasida yangicha kuch-g‘ayrat bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning, izchil amalga oshirilayotgan modernizatsiya va tub yangilanishlar dasturining nazariy va amaliy ahamiyati, O‘zbekistonni yanada rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasining ma’no-mazmuni, shu yo‘nalishdagi ulkan ishlar haqida batafsil to‘xtalib, amaliy fikr va xulosalarini bayon etgan. 

Kitobda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimovning,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning hozirgi eng muhim, dolzarb vazifalar va ularning yechimiga qaratilgan nutqlari va kitoblaridan iqtibozlar olingan.

Muallif Q.Abdurahmonov kitobda mustaqil O‘zbekistonimizning buguniga nazar tashlar ekan, har bir sohaning o‘tmishiga “Kim edigu kim bo‘ldik?” degan savol bilan yuzlanadi, O‘zbekistonnnig iqtisodiy salohiyatiga, fuqarolarning ijtimoiy himoyasiga, davlat organlarining xizmatiga va mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarga xolis baho beradi.

Kitobdagi rangbarang va yorqin suratlar, grafik diagarammalar va jadvallar mavzular ma’no-mazmunining tasdig‘i sifatida xizmat qiladi. Kitob keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM