Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Bir maqsad yo‘lida” deb nomlangan muloqot bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Bir maqsad yo‘lida” deb nomlangan muloqot bo‘lib o‘tdi
14.11.2017

2017 yil 14 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Butunjahon yoshlar kuniga bag‘ishlangan “Bir maqsad yo‘lida” deb nomlangan muloqot bo‘lib o‘tdi,  “Istiqbol” o‘qish zalida esa “Men buyuk yurt farzandiman” deb nomlangan adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi ochildi. Tadbirda Toshkent shahar kolledjlari o‘quvchilari va OO‘Yu talabalari ishtirok etdilar.

 

Yuridik fanlari doktori Feruza Muhiddinova, Respublika ma’naviyat markazi bosh mutaxassisi Shahnoza Tojiddinova va Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi ZiyoNET resurs markazi yetakchi mutaxassisi Gulchehra Ibragimovalar ishtirok etib malakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida gapirdilar.

 

“Dunyo aholisining qariyb 20 foizini yoshlar tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi.Yoshlar xalqimiz, davlatimizning bebaho boyligi. Ular uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, imkoniyatlar eshigi keng ochilgan.Bunga javoban yoshlarimiz bilim va salohiyati bilan nafaqat yurtimiz, balki jahon miqyosida o‘zlarini namoyon etayotir. Bugungi kunda to‘rt mingga yaqin yoshlar turli mukofotlarga sazovor bo‘lgan, 110 yigit-qiz Vatanimizning yuksak unvonlari bilan taqdirlangan. 22 mingdan ortiq yoshlar fan olimpiadalarida, 195 nafari xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan”, - dedi F. Muhiddinova.

 

“Yoshlarimiz orasida fan nomzodlari, fan doktorlari ham talaygina. Shuningdek, 192 mingdan ortiq yoshlar turli sport musobaqalari, uch mingdan ko‘prog‘i xalqaro musobaqalar g‘olibidir. Yoshlarimiz orasida 600 jahon chempioni, 1 ming 300 Osiyo chempioni bor. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam tashkiliy va huquqiy baza yaratilgan. Xususan, o‘tgan yillar davomida Asosiy qonunimiz va kodekslardan tashqari yoshlar siyosatiga oid 20 dan ortiq qonun, yuzga yaqin farmon va qaror qabul qilindi. O‘zbekiston yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatni ratifikatsiya qilgan”, - dedi Sh.Tojiddinova.

 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM