Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Zvezda Vostoka” jurnalining 85 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Zvezda Vostoka” jurnalining 85 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
15.11.2017

2017 yil 15 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Zvezda Vostoka” jurnalining 85 yilligiga bag‘ishlangan “Sharqning so‘nmas yulduzi” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi. “Zvezda Vostoka”  adabiy-badiiy jurnali tahririyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur kechada jurnal faxriylari, yozuvchilar, shoirlar va jurnal mushtariylari ishtirok etdilar.

Ijodiy uchrashuvning asosiy maqsadi – mamlakatimizda ijod qilayotgan russiy zabon ijodkorlar, dunyoning ko‘zga ko‘ringan adabiyot namunalari, ijodiy yangiliklar bilan yoshlarni tanishtirish, mutolaa madaniyatini shakllantirishdir. Zero, “Zvezda Vostoka” jurnalining ko‘p sonli o‘quvchilari bilan yanada yaqinlashish, adabiyotni qadrlovchilarni ijod sahifalariga  ko‘prok jalb kilish yoshlar kelajagida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Tadbirni tabrik so‘zi bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali ochib berdi. Shuningdek tadbirda muxarrir Ye.Dolgopolova, bosh muxarrir S.Raupov,bosh muxarrir o‘rinbosari K.Panchenko, V.Vasilev, A.Ustimenko, A.Slonim, A.Maxnyov, M.Bayzakov, B. Ahmedov, V.Osadchenko, A.Gvardin, A.Danielyanlar so‘zga chiqdilar.

Ye.Dolgopolova so‘zga chiqar ekan “Zvezda Vostoka” jurnali O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining adabiy-badiiy jurnali ekanligi, O‘zbekistonda rus tilida chiquvchi yagona davriy adabiy  jurnaligini aytib o‘tdi. “Bu O‘rta Osiyodagi eng otaxon jurnallardan biridir. “Zvezda Vostoka” jurnaliga “Sovetskaya literatura narodov Sredney Azii” (O‘rta Osiyo xalqlari sovet adabiyoti) nomi bilan 1932 yil sentyabr oyida asos solingan. 1935 yildan boshlab “Litaraturnыy Uzbekistan” (Adabiy O‘zbekiston) nomi bilan chop etilgan bo‘lsa, 1946 yil may oyidan boshlab, hozirga qadar barchaga birday  “Zvezda Vostoka” nomi bilan tanish” – dedi u.

 

1991-1996 yillarda jurnal o‘z taraqqiyotining yuqori darajasiga chiqdi. U ayrim jurnallar qatorida o‘z sahifalarida romanlar, sarguzasht janridagi qissalar, fantastik asarlar va ilk marotaba - “Qur’on”ning rus tilidagi tarjimasini berib bordi. 2009 yilda “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari uchun yagona birlashgan yangi redaksiya tashkil etildi. Nashr yangi ko‘rinishga ega bo‘ldi. “Zvezda Vostoka” o‘zbek tilida chiquvchi “Sharq yulduzi” ikki tillik jurnal loyihasining rus tilidagi nashriga aylandi.

 

Hozirgi kunda jurnal: “She’riyat”, “Nasr”, “Tarix karvoni”, “Tarjimalar”, “Yangi nomlar”, “Mushtariyga qaytib”, “San’at falsafasi”, “Dunyo bolalar nigohida”, “Adabiyotshunoslik. Adabiy tanqid”, “Sharqning ma’naviy merosi”, “Publitsistika” kabi 11 rukndan iboratdir. 

Tadbirda asarlari “Zvezda Vostoka” jurnalining sahifalarida doimiy ravishda chop etilayotgan mashhur yozuvchilar bilan bir qatorda yosh yozuvchi va shoirlar ijodidan namunalar havola etildi.

Tadbir ishtirokchilari faoliyati jurnal bilan bevosita bog‘langan insonlarning suhbatlarini eshitdilar, tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdilar va o‘z taassurotlarini bayon etdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM