Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Sa’dulla Anorqulov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Sa’dulla Anorqulov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi
17.11.2017

2017 yil 17 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi katta majlislar zalida mashhur kinorejissyor Sa’dulla Anorqulov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan «San’at  mening qismatim» nomli ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda taniqli san’atshunoslar, kino muhlislari hamda ustoz faoliyati bilan tanish bo‘lgan shogirdlari, do‘stlari, izdoshlari, Toshkent madaniyat kolleji o‘quvchilari va kitobxonlar qatnashdilar.

 

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti bosh muharriri, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Sh.Qurbon O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarni O‘zbekistonda fan, san’at va madaniyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan keksa avlod vakillari bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar va aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish va kitobxonlarni yangi nashrlar bilan tanishtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zladi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar,  O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Mahkam Muhammedov, Madaniyat kolleji o‘qituvchisi Aziz Dadaev, S.Anorqulovning shogirdi Haydar Afzalov, Ollabergan Omonov, professor, bastakor Avaz Mansurov, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, rejissyor Hojimurod Ibroximov, Shoira Shakirova, jurnalist Marat Asadullaev, rejissyor-tashkilotchi Hamid Qahramonlar mashhur kinorejissyor Sa’dulla Anorqulovning ijodiy yo‘li haqida gapirar ekanlar, uning o‘zbek san’atini, xususan, kino yo‘nalishidagi rollari haqida so‘zladilar, S.Anorqulov bilan hamkorlikda o‘tgan ijod yillar, safarlarda bo‘lib o‘tgan qiziqarli voqealar haqida xotirladilar.

 

“Sa’dulla Anorqulov har bir insonga ibratdir. Pedagog sifatida Ikkinchi jahon urushi yillarida qishloqdagi Toshkent Teatr va rassomchilik (hozirgi San’at va madaniyat) institutini bitirib, Qo‘qon teatrida aktyor va rejissyor bo‘lib xizmat qildi. O‘tgan asrning 60-yillarida O‘zbekiston televideniyaesida Abdulla Qahhor, Said Ahmad, G‘afur G‘ulom, Asqad Muxtor asarlari asosida teleko‘rsatuv va telespektakllar tayyorladi. Shu bilan birga “Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi” elga manzur bo‘lgan dasturlarda ishtirok etdi” - dedi O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Mahkam Muhammedov.

 

“Sa’dulla Anorqulov XX asrning 70-yillaridan so‘ng juda ko‘p san’atkorlar e’zozlagan ustoz darajasiga ko‘tarildi. Taqdir taqozosi bilan madaniy-oqartuv texnikumiga o‘tib, yoshlarga rejissura sirlarini o‘rgata boshladi. U sakson yoshga to‘lganida uyiga yaqin maktab hovlisi o‘quvchi va ota-onalar bilan liq to‘ldi. Maktabning bir xonasi jihozlanib, unga Sa’dulla Anorqulov nomi berildi. Ustoz shu kunlarda ham maktabga tashrif buyurib, o‘quvchi-yoshlarga adabiyot, san’at namunalaridan kichik-kichik sahnalar ko‘rsatib, tajribalari bilan o‘rtoqlashib turadi. Ustozdagi bilim, shijoat bir zum bo‘lsada hali so‘nmagan. Uning aktyorlik mahorati, pedagoglik faoliyati, Markaziy Osiyo xalqlari orasida shogirdlari orqali mangu qoladi” – dedi jurnalist Marat Asadullaev.

 

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar, taniqli o‘zbek san’at arbobi, yetuk rejissyor, aktyor, S.Anorqulovning hayoti va faoliyati to‘g‘risida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar va tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM