Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ozodlik va g‘urur timsoli” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ozodlik va g‘urur timsoli” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
17.11.2017

2017 yil 17 noyabr kuni kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Adolat” o‘qish zalida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i tasdiqlangan kunga bag‘ishlangan “Ozodlik va g‘urur timsoli” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Qo‘rgazmada O‘zbekiston bayrog‘ining qabul qilinishi bilan bog‘liq hujjatlar, kitoblar, davriy matbuotda shu mavzuda chop etilgan maqolalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi, uning suvereniteti va O‘zbekistonning davlat ramzlari haqidagi kitoblar namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i 1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasida qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i ramzi mamlakatimiz hududida ilgari mavjud bo‘lgan g‘oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo‘lgan eng yaxshi an’analarni davom ettirgan holda respublika tabiatiga xos xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy o‘zligini ham aks ettiradi. Hozirgi kunda milliy bayrog‘imiz xalqaro tashkilotlar peshtoqida, nufuzli anjumanlar to‘rida, sport musobaqalarida xilpirab yurtdoshlarimizning vatanparvarlik tuyg‘usi, mamlakatimizning obro‘-e’tibori ramzi bo‘lib kelmoqda.

Ko‘rgazmada taqdim etilgan kitoblar Davlat ramzlari, xususan bayroqning muqaddasligini, ulug‘vorligini aks etadi va uning davlatchilikda tutgan o‘rnini ta’riflaydi. Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar respublikamizda chop etilgan yangi siyosiy adabiyotlar haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM