Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasi III Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasida ishtirok etmoqda

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi III Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasida ishtirok etmoqda
25.04.2018

2018 yil 25 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahridagi “Korme” ko‘rgazmalar markazida III Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasi ochildi. Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ham o‘z stendi bilan ishtirok etmoqda.

 

Mazkur ko‘rgazma Yevropa va Osiyo mamlakatlari nashriyotlari, matbaa korxonalari, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-ma’rifiy tashkilotlarni bir yerga jamlagan yirik intellektual maydon hisoblanadi. Zero, u dunyo xalqlari orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, insonlarning badiiy tafakkurini yuksaltirish, noshirlik va matbaa sohasida erishilgan yutuqlarni ommalashtirish, soha vakillarining o‘zaro tajriba almashishi uchun qulay imkoniyat yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda.

 

“O‘zbekiston” paviloni yurtimiz tarixi va bugunini o‘zida aks ettirgan. Ikki qardosh xalqning buyuk allomalari – Navoiy va Abay siymosi xalqaro ko‘rgazmaga alohida mazmun bag‘ishlagan. Surat tagidagi javonda ushbu allomalarning buyuk merosi joy olgan. Pavilondagi monitorda mamlakatimizdagi nashriyotlar faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik bilan bir qatorda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatini yoritib beruvchi lavhalar ham namoyish etilmoqda.

 

Xalqaro ko‘rgazma yarmarka 28 aprelga qadar davom etadi. 

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM