Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ochiq eshiklar” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ochiq eshiklar” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda
10.09.2018

2018 yil 10-14 sentyabr kunlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yangi o‘quv yili boshlanish munosabati bilan “Ochiq eshiklar” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Hayotimizda fan va ilg‘or texnologiyalarning taraqqiy etib borayotganini inobatga olgan holda, yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama rivojlangan barkamol avlod bo‘lib yetishishi maqsadida hukumatimiz tomonidan ta’lim sohasini isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ta’lim va ma’naviy tarbiyani uzviy olib borish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, yangi axborot texnologiyalarin o‘zlashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar orasida ilmga bo‘lgan intilish mustaqillik davrida olib borilgan islohotlarning samarasidir.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad: foydalanuvchilarni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida xizmat ko‘rsatishdagi keng imkoniyatlar bilan tanishtirish. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ta’lim sifatining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan, darslarga mustaqil tayyorgarlik ko‘rish jarayoniga, ijodiy fikrlashga ko‘mak berayotgan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etayotgan ma’naviyat o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Kutubxona imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishning uchun eng qulay yo‘li - “Ochiq eshiklar kuni”ga tashrif buyurishdir.

Haftalik doirasida quyidagi tadbirlar turkumi tashkil etilmoqda:

-kutubxona bo‘ylab tanishuv ekskursiyalari;

-kutubxonaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar orasida so‘rovnoma;

-“Adabiy  ustaxona” turkum  tadbirlar doirasida maktablarga tashrif;

-kutubxona foyesida foydalanuvchilar o‘rtasida “Sevimli kitobingni tavsiya et” nomli aksiya.

Haftalik doirasida foydalanuvchilarga kutubxona tarixi, faoliyati va resurslari bilan tanishtiruvchi ekskursiyalar, taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Ular ilmiy-ta’limiy xorijiy elektron bazalar bilan ishlash bo‘yicha Milliy kutubxonaning axborot resurslaridan,  ya’ni bosma va elektron nashrlardan hamda elektron va an’anaviy kataloglardan, kartotekalardan foydalanish,  kerakli resurslarni izlash, ularga buyurtmani rasmiylashtirish, info-kiosk, internet va WI-FI xizmatlaridan foydalanish qoidalari bilan ham tanishmoqdalar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar” haftaligi joriy yilning 14 sentabriga qadar o‘z ishini davom ettiradi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM