Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Taraqqiyot strategiyasi va zamonamiz qahramoni” ijtimoiy loyihasi asosida chop etilgan asarlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Taraqqiyot strategiyasi va zamonamiz qahramoni” ijtimoiy loyihasi asosida chop etilgan asarlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi
05.10.2018

2018 yil 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Taraqqiyot strategiyasi va zamonamiz qahramoni” ijtimoiy loyihasi asosida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa-ijodiy uyi tomonidan chop etilgan asarlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda noshirlar, G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa-ijodiy uyi xodimlari, adiblar, kitobsevarlar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori o‘rinbosari S.Shukurov kitobxonlarni yangi nashrlar bilan qutlab, mualliflarni tanishtirdi. “Bugun G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa-ijodiy uyi tomonidan yozuvchi Qo‘rchqor Norqobilning “Bu yerlarda hayot boshqacha”, Isajon Sultonning “Hazrati Xizr izidan”, Luqmon Bo‘rixonning “Titrayotgan tog‘”, Abduqayum Yo‘ldoshevning “Osmon og‘ushi” nomli asarlari taqdimoti bo‘lib o‘tyapti.  Mualliflar o‘z asarlarida Jamiyatimizning turli jabhalarida fidoyilarcha mehnat qilayotgan zamondoshlarimizning badiiy mukammal obrazlarini yaratishga, ularning kundalik hayotini, o‘y-fikrlarini, hayot sinovlariga duch kelganda tutgan yo‘lini tasvirlashga haraqat qilishgan. Shubhasiz, ularning barchasi yoshlarga ijobiy ta’sir ularni hayotda teran fikrlar va to‘g‘ri yashashga undaydi”.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Bahodir Karim asarlar haqida o‘z fikrlarini bayon qilar ekan, jumladan, dedi: “Ushbu asarlardan turli sohalarda o‘z kasbining mohir ustasi, zamon bilan hamnafas, xalq uchun, Vatan uchun yashaydigan oddiy insonlarning hayoti rangli bo‘yoqlarda tasvirlanadi. Asarlar qahramonlari o‘z maqsadlariga yetishguncha yo‘lida uchragan barcha mashaqqatlarni yengib, toblanib zamonamizning haqiqiy qahramoniga aylanadi”.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasi FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi Suvon Meli mualliflarning mahoratini alohida e’tirof etar ekan, “Asarlardagi voqeliklar mualliflarning o‘z hayotidan, kuzatuvlaridan kelib chiqib yozilganligi ularning haqqoniyligini ta’minlagan”, - dedi.

Kitobxonlar mulliflarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar va ularga javoblar oldilar, ularga minnatdorliklarini bildirdilar va ijodiy barkamollik tiladilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM