Bosh sahifa > YANGILIKLAR > “Umri qo‘shiqlaridek boqiy” deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi

“Umri qo‘shiqlaridek boqiy” deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi
10.10.2018

2018 yil 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq artisti Otajon Xudoyshukurov ijodiga bag‘ishlangan “Umri qo‘shiqlaridek boqiy” deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda taniqli san’atkorlar, xonandaning muxlislari va shogirdlari, oila a’zolari, O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti va O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi foydalanuvchilari  ishtirok etdilar. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matchon, O‘zbekiston xalq artistlari Gulora Rahimova, Ahmadjon Shukurov, G‘ulomjon Yoqubov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otaxon baxshi Matyoqubov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘raev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ahmadjon Dadaev, jurnalist Marat Asadullaev, san’atshunos olim Otanazar Matyoqubov va boshqalar  xalqimizning sevimli xonandasi, o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’ati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ulkan san’atkor, ustoz, benazir xonanda Otajon Xudoyshukurovning ibratli hayoti va fidokorona mehnati haqida so‘zladilar, uning o‘zbek milliy musiqa san’ati tarixida egallagan munosib o‘rnini alohida e’tirof etdilar.

 

San’atshunos olim Otanazar Matyoqubov yig‘ilganlarni Otajon Xudoyshukurov hayoti va ijodiy faoliyati bilan tanishtirdi. “O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, xonanda Otajon Xudoyshukurov 1944 yil 4 oktyabrda To‘rtko‘lda tavallud topdi. Ashula aytishni amakisi xonanda Y.Olloshukurovdan o‘rgangan, keyingi ustozlari K.Otaniyozov, Nazir qori, J.Bekchonov va boshqalar. 1963 yildan Qoraqalpoq davlat filarmoniyasida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yurita boshlagan”.

O‘zbekiston xalq artisti Ahmadjon Shukurov Otajon Xudoyshukurov haqida o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi va “Uning repertuaridan mumtoz ashulalar ("Feruz 1-2", "Xorazm Segohi", "Bozurgoniy", "Qo‘shchinor", "Guluzorim", "Kurd Eshvoyi", "Samarqand ushshog‘i", "Toshkent Irog‘i" va boshqalar), Xorazm dostonnoma (qo‘shiq)lari ("Najab o‘g‘lon" dostonidan "Kimni sevar yorisan", "Bahrom va Gulandom"dan "Ayriliq", "Avazxon"dan "Qalandarim"), kompozitor va bastakorlar asarlari ("Ko‘zlaring sening", "O‘zbekistonim", "Ra’no bo‘layin deb", "Sog‘inib keldim" va boshqalar), shuningdek, turkman, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq va qirg‘iz xalq qo‘shiqlari o‘rin olgan edi”, -dedi.

 

“Otajon Xudoyshukurov sozanda (torchi) va o‘zi aytadigan ("Mujgonlaring", "Olamda bir", "Birinchi muhabbatim" kabi 300 dan ortiq) qo‘shiqlarning bastakori sifatida ham tanilgan. U jozibali, chiroyli tembrli, keng, barcha pardalarda ravon va jarangdor ovoz sohibi. Uning qo‘shiqlaridagi ehtiros, shijoat va jo‘shqinlik, mazmuniy teranlik kabi xislatlar tinglovchilar qalbidan chuqur joy olgan. U ko‘plab Davlat mukofotlari laureati,  Otajon Xudoyshukurov nomida yosh xonandalarning Respublika tanlovi o‘kazilib kelinmoqda”, - deya ta’kidladi jurnalist Marat Asadullaev.

 

Tadbir avvalida Otajon Xudoyshukurov ijodiy faoliyatini yorituvchi hujjatli film namoyish etildi. Tadbirda A.Shukurov, G.Rahimova, G‘.Yoqubov, A.Dadaev va M.Matyoqubovlar ijrosida o‘zbek mumtoz va lirik ko‘shiqlari yangradi.

Xotira kechasi ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM