Bosh sahifa > YANGILIKLAR > “Infolib Uzbekistan” VII Milliy axborot- kutubxona haftaligi doirasida “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil” nomli amaliy qo‘llanma taqdimoti

“Infolib Uzbekistan” VII Milliy axborot- kutubxona haftaligi doirasida “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil” nomli amaliy qo‘llanma taqdimoti
15.10.2018

2018 yil 15 oktabr kuni “Infolib Uzbekistan”  VII Milliy axborot- kutubxona haftaligi doirasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidovning “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil” nomli amaliy qo‘llanmasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda jurnalistika sohasining fidoiylari, talabalar va Haftalik qatnashchilari ishtirok etdilar. 

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktor o‘rinbosari U.Teshabaeva tadbir ishtirokchilarini qutladi va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidovning “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil” nomli amaliy qo‘llanmasi OAVda jurnalist surishtiruvi janrining qo‘llanishi mavzusi  bag‘ishlanganini va unda muallif o‘z faoliyati davomida o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvlarni o‘quvchilar  hukmiga havola etilayotganini aytib o‘tdi.

Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Sh.Aslanov tadbir ishtirokchilarini M.Obidovning faoliyati bilan tanishtirar ekan, dedi: “Muallif uzoq yillik hayotiy tajribasi asosida, real voqealar, tarixiy jarayonlar, aniq shaxslar misolida tadqiq etilgan jurnalist surishtiruvini samimiyat va haqgo‘ylik bilan tasvirlaydi. Kitobni varaqlar ekansiz, jurnalist kasbining mashaqqatlari, surishtiruv davrida unga nisbatan tazyiq va oshkoralik uchun kurashning barcha zahmatlarini his qilasiz. Muallifni nafaqat iqtidorli jurnalist, balki pok qalbli, vatanparvar sifatida kashf etasiz”.

Taqdimot marosimida jurnalist va yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zAA Bosh direktori A.Kuchimov, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh.Qudratxo‘jaev va boshqalar so‘zga chiqib, ustoz jurnalist Muhammajon Obidovning kasbiy mahorati, pedagogik yondoshuvi va boy tajribasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

“Jurnalistik tekshiruvi Qonunda ikkita modda bilan ta’minlanganligi, jurnalistlarga yanada keng imkoniyatlar yaratadi. Muhammadjon Obidov bu sohada katta ishlar qilgan, aynan shu yo‘nalishda yoshlarga bilim berib kelayotgan tajribali jurnalistdir”, - dedi jurnalist va yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad .

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldilar va ustoz jurnalisning dastxatlari qo‘yilgan kitoblarga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM