Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ivan Turgenev ijodiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ivan Turgenev ijodiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
08.11.2018

2018 yil 8   noyabr kuni “Istiqbol” o‘qish zalida rus shoiri, yozuvchisi va dramaturgi Ivan Turgenev (1818-1883) tavalludining 200 yilligi munosabati bilan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada yozuvchining romanlari, hikoyalari, qissalari, maqolalari, pesalari va she’rlari taqdim etilmoqda.

Ivan Sergeevich Turgenev 1818 yil 9 noyabr kuni Oryol shahrida tavallud topdi. U ilk saboqlarni Spasskoe-Lutovinovo imeniesida nemis va fransuz o‘qituvchilaridan olgan. Ilm o‘rganishni Moskvadagi xususiy pansionlarda, so‘ngra esa Peterburg universitetida davom ettirdi. Turgenev Berlinda falsafa va klassik filologiya bo‘yicha ma’ruzalar tinglab, 1841 yilda Moskvaga qaytib keldi va N.V.Gogol, S.T.Aksakov singari yozuvchilar bilan tanishib, badiiy ijod bilan shug‘ullana boshladi.

Turgenev dastlabki “Steno” dramatik dostonini 1834 yilda - talabalik yillarida yozgan. 1938 yilda esa uning “Oqshom” va “Venera Meditseyskayaga” romantik she’rlari chop etildi. 1843 yilda u V.G.Belinskiy bilan tanishib, uning ta’siri ostida yozuvchining romantizmdan uzoqlashib, oddiy xalq hayotiga yaqinlashganidan darak beruvchi “Parasha” dostonini, “Pop”, “Uch portret”, “Bretyor” asarlarini yozadi. 1847 yildan boshlab “Sovremennik” jurnalida Turgenevga katta shuhrat keltirgan “Ovchining maktublari” turkum hikoyalardan iborat asari chop etila boshlandi. 40-yillar oxiri 50-yillar boshlarida Turgenev dramaturgiya bilan faol shug‘ullanib,  sahna yuzini ko‘rgan va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan “Sarmoyasizlik”, “Yo‘lboshlovchining nonushtasi”, “Tekinxo‘r”, “Qishloqda bir oy”, “Bo‘ydoq” pesalarini yozdi. Bayron va Shekspir asarlarini tarjima qilar ekan, Turgenev ulardan badiiy so‘z mahoratini o‘rgandi.

1852 yilda Turgenev “Mumu” hikoyasini yozadi. So‘ngra u “Rudin” “Dvoryanlar uyasi”,  “Arafa”, “Otalar va bolalar”, “Tutun” va “Qo‘riq yer” romanlari, “Ortiqcha kishining kundaligi”, “Bejin yaylovi”, “Asya”, “Bahor toshqinlari” va ko‘pgina boshqa qissa va hikoyalarni yozadi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM