Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma
23.01.2019

2019 yil 23 yanvar  kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “O‘zbekiston” o‘qish zalida XX asr o‘zbek adabiyoti, matbuoti, madaniyatining atoqli namoyandasi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludi munosabati bilan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada buyuk ma’rifatparvar adib, alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy hayotidan, uning ilm-ma’rifat yo‘lidagi jonbozliklaridan guvohlik beruvchi dalillar, xotiralar va uning qalamiga mansub asarlar o‘rin olgan.

1875 yili Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga kelgan Mahmudxo‘ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. Ro‘znoma va oynomalardan jahonda sodir bo‘layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib boradi. U Makkaga borish maqsadida arab tilini o‘rganishga kirishib, islom tarixi va nazariyasi bilan shug‘ullana boshlaydi. Behbudiy dunyoqarashi shakllanishida o‘sha davr voqealarining va inqilobiy harakatlarning ta’siri katta bo‘lgan. 1912-1913 yillarda Behbudiy Samarqandda “Samarqand” ro‘znomasi, “Oyna” jaridasi chiqishida jonbozlik ko‘rsatadi, 1914 yilda Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari keltiradi, yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq, u turli to‘siqlarga uchrab, “jadidchilik” rahnamosi deb e’lon qilinadi. Shunga qaramay, buyuk ma’rifatparvarlarning ta’limotini qo‘llab-quvvatlab, o‘z o‘lkasida ham shunday ishlarni amalga oshirishga kirishadi. Ko‘p o‘tmay ma’rifatparvar sifatida o‘z xalqi hurmatiga kiradi. U bir qator jahon tillarini bilgan yuksak madaniyat sohibi bo‘lishi bilan birga, umuminsoniy madanyatning tolmas targ‘ibotchisi ham bo‘lgan.

Milliy dramaturgiya va sahna san’atining shakllanishi, yangicha ilg‘or hamda serko‘lam publitsistikaning vujudga kelishi uning nomi bilan bog‘liq. Behbudiy adib sifatida o‘zining “Padarkush” dramasini yaratgan.  Bundan tashqari, Behbudiy o‘zbek va tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Jumladan, “Muntahabi jug‘rofiyai umumiy” (1903 yil, “Qisqacha umumiy jug‘rofiya”), “Kitobul atfol” (1904 yil, “Bolalar uchun kitob”) va shu kabilar.

 

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM