Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “El netib topgay menikim...” nomli adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi tashkil etildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “El netib topgay menikim...” nomli adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi tashkil etildi
08.02.2019

8 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida davlat arbobi, buyuk shoir va mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag‘ishlangan “El netib topgay menikim...” nomli adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada Alisher Navoiy asarlariga sharhlar, uning hayoti va ijodiy faoliyatiga, uning falsafiy fikrlariga oid turli yillarda chop etilgan kitoblar namoyish etildi.

 

Mazkur ko‘rgazmada foydalanuvchilar e’tiboriga dunyo tillariga tarjima qilingan Navoiyning tanlangan asarlari, g‘azallari, ruboiylari, o‘z asarlari izohi,  ijtimoiy-falsafiy va axloqiy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan xikmatlari va turli aforizm, maqol va matallari taqdim etilgan. Millatimiz g‘ururi, merosimiz asoschisi, o‘zbek mumtoz adabiyotining eng yirik namoyondasi, o‘zbek xalqining ulug‘ mutafakkiri Alisher Navoiy jahon adabiyoti, madaniyatiga, insonlar baxt-saodati, xalq farovonligi, mamlakat obodonligi uchun qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Uning 3000 mingdan ziyod she’rlari, dostonlari, majoziy uslubda bitilgan g‘azal, ruboiylari va ilmiy qarashlari XV asr oxirlarida O‘rta Osiyodagi ma’naviy hayotni yoritib beradi.

Shuningdek, ko‘rgazmada Oybek, Maqsud Shayxzoda va boshqa shoirlar tomonidan turli davrlarda Alisher Navoiy haqida yozilgan asarlar o‘rin egallagan.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar Alisher Navoiy ijodining qalbi, Navoiyning barcha she’riy merosini deyarli yarmini tashkil qilgan, 50 ming misradan ziyod, besh dostonni o‘z ichiga olgan buyuk «Xamsa»ning turli nashrlari va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan Alisher Navoiy hayoti va ijodiga dahldor adabiyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM