Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida akademik Abdulla A’zamning “Munojotnoma” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida akademik Abdulla A’zamning “Munojotnoma” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
08.02.2019

2019 yil 8 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida akademik  Abdulla A’zamning  “Munojotnoma” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Davlat arbobi, buyuk shoir va mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag‘ishlangan mazkur tadbirda adabiyotshunos, matematik olimlar, tilshunoslar, talaba yoshlar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, sotsiologiya fanlari doktori, professor Abdusalom Umarov kitobning mohiyati va ahamiyati haqida so‘zladi. “Hozirgi kunda adabiyotning ichki go‘zalligi va boyliklari to‘laroq ochib berishga e’tibor qaratib kelinmoqda. Abdulla A’zam adabiyotshunoslik ilmida birinchi bo‘lib Alisher Navoiy g‘azallarini matematik tahlil asosida o‘rganib chiqdi. “Munojotnoma” kitobida Abdulla A’zam Alisher Navoiyning nasriy munojotini imkon qadar asar matnidan uzmay talqin qilgan”.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy badiiy-ma’naviy merosining hozirgi yoshlarning madaniy-axloqiy tarbiyasidagi o‘rnini alohida e’tirof etdilar hamda akademik Abdulla A’zamning  “Munojotnoma” nomli kitobi yuzasidan o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. “Munojotnoma” kitobida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning “Munojot” asari keng o‘kuvchilar ommasiga tahliliy uslubda taqdim etilgan. Shu maqsadda “Munojot”ning o‘ziga xos vazni va qofiyasiga e’tibor qaratiladi, so‘zlarga atroflicha, ancha erkin talqin qilingan lug‘at hamda sharhlar, izohlar va ayrim qo‘shimcha ma’lumotlar keltiriladi. Navoiy asarini mustaqil o‘qish qulay bo‘lishi uchun lugat va sharhlar “Munojot”ga tegishli bandlari bilan yonma-yon joylashtirildi. Bu asar ulug‘ shoirning so‘nggi yillarida bitilgan asar. O‘zbek adabiyoti uchun buyuk ahamiyatga molik bitik hajman 100 band atrofida. “Munojot”  asari jahon adabiyotida ham o‘ziga xos o‘ringa ega yodgorlik”, - dedi “Movarounnahr” nashriyoti mas’ul muharriri Abdul Jalil Xo‘jam.

Filologiya fanlari nomzodi Sayfiddin Sayfulloh o‘z fikrini quyidagicha bayon etdi: “Birinchidan, “Munojot” Navoiyning umri yakuni arafasida Ollohga iltijosi, murojaatidan iborat-ki, unda eng samimiy tuyg‘ulari, qalbidagi eng chuqur hislari, dunyoqarashi va e’tiqodining eng tub tamoyillari mujassam. Ikkinchidan, asar o‘ziga xos betakror janrda bitilgan. Uni hatto ilohiy ilhom mahsuli deb ham atashadi. Shuni Abdulla A’zam imkon darajasida isbotlashga uringan”.

Akademik Abdulla A’zam kitob haqida so‘zlar ekan, dedi: “Navoiy “Munojot”i har bir o‘zbek qalbiga yetib borishini orzu qilaman. Ayniqsa, u talabalarga o‘qish va o‘rganish uchun tavsiya etilishi zarur. “Navoiyni o‘qing” deya istak bildirish erish tuyulishi mumkin. Zero, Navoiy — insoniyat tarixidagi buyuk shaxslar silsilasiga mansub zot, jahon she’riyatining daholaridan biri. Uning ijodi va hayoti dunyo olimlarini ham lol qoldirmoqda. Shunday ekan, har bir o‘zbek farzandi Navoiyni o‘qishi, o‘qiganda ham sevib, asarlaridagi nafosatni tuyib, mazmunidagi teranlikka intilib o‘qishi kerak. Qolaversa, Navoiyni o‘qish ham milliy qadriyat va o‘zbeklik timsolidir. “Munojot” shoirning “o‘z o‘ziga maktubi” tarzida yozilgan asar. Undagi kishini larzaga soluvchi mazmun Navoiy zamondoshlarining diqqatini tortgan va undan nusxalar ko‘chirilgan”.

Tadbirda “Nihol” Davlat mukofoti sovrindori Ilyos Arabov Navoiy g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar ijro etdi.

Tadbir doirasida buyuk shoir va mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag‘ishlangan “El netib topgay menikim...” nomli adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda Navoiyning barcha she’riy merosini deyarli yarmini tashkil qilgan, besh dostonni o‘z ichiga olgan buyuk «Xamsa» asari, dunyo tillariga tarjima qilingan g‘azallari, ruboiylari, o‘z asarlari izohi,  ijtimoiy-falsafiy va axloqiy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan xikmatlari va turli aforizm, maqol va matallari taqdim etilgan Navoiyning tanlangan asarlari to‘plami, Oybek, Maqsud Shayxzoda va boshqa shoir vam yozuvchilar tomonidan turli davrlarda Alisher Navoiy haqida yozilgan asarlar o‘rin egallagan.

 

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM