Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Po stranitsam basen Krilova” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Po stranitsam basen Krilova” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma
13.02.2019

2019 yil 13 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Istiqbol” o‘qish zalida rus masalnavisi Ivan Andreevich Krilov  tavalludining 250 yilligiga bag‘ishlangan “Po stranitsam basen Krilova” (Krilov masallari sahifalarida) deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada, muallifning ta’biri bilan aytganda, uning ajoyib masal dunyosi taqdim etilgan.

Ivan Andreevich Krilov 1769 yil 13 fevralda Moskvada tug‘ilgan. Bo‘lajak masalchi maktabda o‘qish imkoniyatidan mahrum edi. Ammo unda bilimga bo‘lgan kuchli chanqoqlik hamda o‘rganishga bo‘lgan cheksiz qobiliyat bor edi. Otasidan unga bir sandiq kitob meros qolgan edi. U tillarni, matematikani mustaqil o‘zlashtirib, zamonasining yetuk, yuqori saviyali, ziyolisiga aylandi.

1810 yilda Krilov Imperator jamoatchilik kutubxonasida kutubxonachi yordamchisi bo‘lib ishga joylashadi, 1816 yildan esa kutubxonachi sifatida faoliyat yuritadi.

Krilov teatr uchun komediyalar yozgan, “Zritel” (Tomoshabin) jurnalini nashr etgan. Ammo yozgan masallari unga mashhurlik keltirdi. 1808 yilda yozilgan “Eman va Hassa” va “Injiq kelin” masalari uni haqiqiy masalchi sifatida tanitdi. Uning 23 masaldan iborat ilk nashri 1809 yilda paydo bo‘ldi. Keyin uning kitoblari birin-ketin nashr etildi. 1843 yilda chop etilgan kitobi 197 masaldan iborat edi. Ivan Andreevich Krilov jami 205 masal yozgan. Ular dunyoning 60ta tiliga tarjima qilingan.

I.Krilov vatanini sevar va jamiyatning kamchiliklariga qarshi kurashishni o‘z vazifasi deb bilar edi. Uning masal qahramonlariga xos bo‘lgan qiziqishlar, ko‘nikmalar, odatlar, iboralar keng o‘quvchilar ommasiga birday tanish va tushunarli edi.

Rus masalnavisi Ivan Andreevich  Krilov  tavalludining 250 yilligiga bag‘ishlangan “Po stranitsam basen Krilova” (Krilov masallari sahifalarida) deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmaga tashrif buyurgan kutubxona foydalanuvchilari uning mashhur Ninachi va Chumoli haqidagi qayg‘uli, lekin ibratli, ayyor Tulki va kaltafahm Qarg‘a haqidagi kulgili masallari bilan tanishadilar. Bolaligidan bu ibratli hikoyalar bilan tanish kitobxonlar esa bolalik ajoyib dunyosiga qaytish va o‘zlarining sevimli masalnavisi Ivan Andreevich Krilov bilan suhbatdan bahramand bo‘lishlari mumkin.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM